Mahorat darsi tashkil etildi

9 Iyun 2026, 16:38 11

Surxondaryo viloyati Termiz tumanida joylashgan 34-sonli umumta’lim maktabida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi huzuridagi Qorabayir otlari mahorat maktabi mutaxassis murabbiylari ishtirokida ot sporti turlariga bag‘ishlangan mahorat darsi tashkil etildi.

Mazkur tadbir yoshlar o‘rtasida milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilish, ularni sportga, ayniqsa ot sporti turlariga qiziqtirish hamda mazmunli bo‘sh vaqtlarini tashkil etish maqsadida o‘tkazildi.

Mahorat darsi davomida murabbiylar tomonidan ot sportining konkur, tent pegging, polo hamda uloq-ko‘pkari kabi yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, otlarni parvarishlash, ularga to‘g‘ri munosabatda bo‘lish, chavandozlik madaniyati va xavfsizlik qoidalari yuzasidan tushunchalar berildi.

Tadbir jarayonida o‘quvchilarga ot sporti bo‘yicha amaliy ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etilib, sportchilarning mahorati va otlarning tayyorgarlik darajasi namoyon qilindi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar oldilar.

Mahorat darsi yakunida o‘quvchilar orasida ot sportiga qiziqish bildirgan yoshlar bilan suhbatlar o‘tkazilib, ularni sport to‘garaklari va mahorat maktabi faoliyatiga jalb etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Bunday tadbirlar yosh avlodni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda xalqimizning boy otchilik an’analari va milliy sport merosini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech